• Bosh sahifa
  • Jamiyat
  • Farg‘onada bank xodimlari va hokim yordamchilari ishtirokidagi kredit firibgarligi fosh etildi
10

Farg‘ona viloyatida bank mas’ullari va hokim yordamchilarining qing‘ir ishlari fosh bo‘ldi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Aksiyadorlik tijorat “Xalq banki”ning O‘zbekiston bank xizmatlari markazida ishlovchi mahalla bankiri mazkur markaz boshqaruvchisi o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, 2 nafar fuqaro nomiga 66 mln so‘m kredit ajratib berish evaziga 10 mln so‘m talab qiladi.

DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalla bankiri so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u kredit ajratib berish uchun muqaddam 600 ming so‘m, bank boshqaruvchisi o‘rinbosari esa 920 ming so‘m olganligi aniqlandi.

Shuningdek, “Xalq banki” O‘zbekiston BXM mansabdor shaxslari, O‘zbekiston tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 2 nafar hokim yordamchisi va ulgurji savdoga ixtisoslashgan MCHJ rahbari soxta hujjatlar asosida boshqa fuqarolar nomiga 153 mln so‘m miqdorida maqsadsiz kredit ajratilishiga erishib, ularni naqdlashtirib, talon-toroj qilgani ham ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, BXM boshqaruvchisi o‘rinbosari 2000 va 2015 yillarda Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi va 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan sudlangan bo‘lsada, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Izoh qoldirish

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mavzuga oid