Tarmoqlarda «Endi hamma oʼzining viloyatida taksichilik qiladi. Toshkentda faqat «01» raqamli avtomobillargagina litsenziya berishadi», deb aytilgani aks etgan videolar tarqaldi.
Muallifga koʼra, koʼpchilik hozir “Litsenziya olamiz, Toshkentda ishlaymiz”, desa, rad javobini olmoqda.
“Haydovchi litsenziya oladigan boʼlsa, oʼzining hududida ishlaydigan qilib qoʼyishibdi. Misol uchun 01 — Toshkent nomeri. Ular Toshkentda ishlaydi. Аndijonliklar Аndijonda, qoraqalpogʼistonliklar Qoraqalpogʼistonda, qashqadaryoliklar Qashqadaryoda”,– deydi u.
Holat yuzasidan Transport vazirligi “Daryo”ga xabarlar rost ekanini tasdiqlagan.
Vazirlik axborot xizmati rahbari Navroʼz Аshurmatov ayni kunda jarayon amalga oshirilayotganini aytgan.
“Bu tartib kecha yoki bugun paydo boʼlib qolmagan. 2011 yilda aynan mana shu yoʼnalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qaror chiqarilgan. Oʼsha qaror bilan tasdiqlangan nizomda yoʼnalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qoʼyilgan talablar bor. Oʼsha nizomning 5-bob 9-bandida haydovchi yoʼlovchilarni yoʼnalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshiriladi deb yozilgan. Bu qaror hozir oʼzining kuchini yoʼqotgan. Mazkur qaror oʼrnini bosuvchi 2025 yilda chiqqan qarorga koʼra, haydovchining oʼz hududida, yaʼni litsenziya kartochkasida koʼrsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qoʼyildi”, – degan u.
Shuningdek, Аshurmatovning tushuntirishicha, bunda haydovchi faoliyatini faqat oʼsha litsenziya varaqasida koʼrsatilgan hudud va unga tutash hududda olib boradi.
“Masalan, Toshkent shahrida roʼyxatdan oʼtgan 01 kod bilan boshlanuvchi davlat raqamli transport vositasi Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyati hududida taksichilik faoliyati bilan shugʼullanishi mumkin. Xuddi shuningdek, viloyatlarniki ham xuddi shunaqa boʼladi”,– degan vazirlik axborot xizmati rahbari.