Chernogoriyada Rybar telegram-kanali asoschisi Mixail Zvinchuk va uning jamoasi 9-oktabr tongida Risan shahrida qo’lga olindi. Ular bilan birga rafiqasi hamda kanalning uch nafar xodimi ham ushlangan. Mahalliy Vijesti nashrining xabariga ko’ra, ularning yonida murakkab raqamli jihozlar, dronlar va elektron qurilmalar bo’lgan. Chernogoriya maxsus xizmatlari Zvinchuk va uning jamoasini bir necha kun davomida kuzatib borgan. Ushbu operatsiya Rybar kanallari tarmog’ining gibrid faoliyatini to’xtatishga qaratilgan. Zvinchukka qandaydir ayblov qo’yilgani hozircha ma’lum emas. Huquq-tartibot organlari bu holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Chernogoriya bosh vazirii Miloyko Spaich ijtimoiy tarmoqda hukumat xavfsizlik xizmatlari vakolatida qolishi kerak bo’lgan ma’lumotlarni e’lon qilish niyatida emasligini bildirdi. U, shuningdek, ‘Rybar’ axborot tarmog’i rahbari qo’lga olinganidan keyin davlat institutlarining o’z vazifalarini bajarayotganini ta’kidladi. Rybar’dagi jamoa a’zolari qo’lga olingani faktini tasdiqladi. Telegram-kanalda joylashtirilgan postda bu shaxslarning Chernogoriyada bo’lishi qonuniy ekanligi ta’kidlandi. Ularning rasmiy so’rov asosida Setinskiy monastirida tasvirga olish ishlari rejalashtirilgandi. Qo’lga olinganlar tomonidan mahalliy qonunchilikni buzish holatlari bo’lmagani qayd etilib, tez orada ozod etilishiga umid bildirildi. Zvinchuk Chernogoriyaga oshkora tarzda tashrif buyurgan bo’lib, bu haqida RuTube kanalida joylashtirgan videosida ma’lum qilgan. Instagramdagi sahifasida esa Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Chernogoriya hukumatining sanksiyalari ostida bo’lsa-da, bu mamlakatga kirganidan maqtanib yozgan. Rossiya hukumati hibsga olinganlarga diplomatik yordam ko’rsatish va’dasini berdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, diplomatlar hibsga olish sabablarini aniqlab, har bir fuqaroning huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanayotganini ma’lum qildi. Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o’rinbosari Dmitriy Medvedev esa rossiyaliklar Yevropa mamlakatlarida ‘bekorga izg’ib yurganini’ aytib, yevropaliklar va xorijliklarni ‘ayirboshlash fondi’ni shakllantirishga chaqirdi.
Ushbu maqolani kirill alifbosida ham o’qishingiz mumkin.