Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Qanat Niyazbekov Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlar vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar bilan bog‘liq ish doirasida hibsga olindi. Ushbu hodisa natijasida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Niyazbekovni o‘tgan hafta lavozimidan ozod etgan edi.
Kaspiy dengizining Qozog‘istonga qarashli sektorida 22-sentabr kuni «Kaspiy mudofaasi – 2026» mashg‘ulotlari boshlandi. Ushbu mashg‘ulotda 500 nafardan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etdi. 24-sentabr kuni esa ob-havoning keskin yomonlashishi natijasida 17 nafar harbiy xizmatchi dengiz to‘lqinlari oqizib ketdi. Faqat uch nafarini qutqarish mumkin bo‘ldi.
Qanat Niyazbekov yuz bergan hodisani noqulay ob-havo sharoiti va to‘lqinlarning kuchayishi bilan izohladi. Mashg‘ulotlarni o‘tkazishda bu omillar inobatga olinganmi, degan savolga Niyazbekov: «Umuman olganda, inobatga olinadi», – deb javob berdi. Bu yo‘qotish Qozog‘iston armiyasi tarixidagi eng katta yo‘qotishlardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Prezident To‘qayev barcha aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qildi. Hozirda besh nafar mansabdor shaxs allaqachon hibsga olindi. Qozog‘iston Mudofaa vazirligi esa mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni rejalashtirishda kamchilik va qoidabuzarliklarni aniqladi.
Ushbu maqolani kirill alifbosida ham o’qishingiz mumkin.