Elektron pochta: info@xabardor24.uz

Kurs UZS: USD 11 965.51 −46.79 EUR 13 437.27 −29.72 RUB 145.96 +0.63

Optogenetika asoschilari nobel mukofotini oldi

Optogenetika asoschilari nobel mukofotini oldi

2026-yilgi fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olim Karl Deysserot bilan birga, germaniyalik olimlar Peter Xegemann va Georg Nagelga berildi. Ushbu olimlar asab hujayralarini yorug’lik yordamida nazorat qilish imkonini beruvchi optogenetika texnologiyasini kashf etganliklari uchun taqdirlandilar. Nobel assambleyasi bayonotida, kashfiyotlar, yorug’lik bilan boshqariladigan ion kanallari va optogenetikaga oid bo’lganligi aytilgan.

Optogenetika – bu asab hujayralarini yorug’lik yordamida faollashtirish yoki ularning faoliyatini to’xtatishga imkon beruvchi zamonaviy usul. Ushbu texnologiya asab zanjirlarini o’rganishga katta imkoniyatlar yaratdi, xususan, miyada xotira, his-tuyg’u va xulq-atvorni shakllantirish jarayonlarini o’rganishga yordam bermoqda. Peter Xegemann va Georg Nagel 2000-yillar boshida bir hujayrali suvo’tida yorug’likka sezgir oqsil, ya’ni kanalrodopsinni aniqladilar. Keyinchalik, Stenford universiteti olimi Karl Deysserot bu kanalrodopsinni asab hujayralarida qo’llab, ularning faoliyatini yorug’lik yordamida boshqarish usulini rivojlantirdi.

Olimlar optogenetika yordamida muayyan xotiralar, his-tuyg’ular va xatti-harakatlarni shakllantirishda ishtirok etuvchi asab zanjirlarini tadqiq qilmoqda. Yanada muhim jihati shundaki, optogenetikaning tibbiyotda qo’llanilishi istiqbolli hisoblanadi. Tadqiqotchilar bu usul yordamida ko’rish qobiliyatini tiklash, shuningdek, ayrim nevrologik va ruhiy kasalliklarni o’rganish va davolash imkoniyatlarini izlamoqdalar.

Nobel mukofotlarini e’lon qilish haftaligi 5-oktabrda fiziologiya va tibbiyot yo’nalishida boshlandi. 6-oktabrda fizika, 7-oktabrda kimyo, 8-oktabrda adabiyot, 9-oktabrda Tinchlik mukofoti va 12-oktabrda iqtisodiyot bo’yicha laureatlar e’lon qilinadi.

Ushbu maqolani kirill alifbosida ham o’qishingiz mumkin.