2026-yilning isitish mavsumida, ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 mln so’m moddiy yordam ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo’yildi. Yordam mablag’lari 2026-yil 30-noyabrga qadar fuqarolarning ijtimoiy karta yoki bank kartasiga o’tkazilishi belgilangan.
Yordam kimlarga beriladi?
Yordam ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga taqdim etiladi. Biroq, reyestrga kirmagan va «mahalla yettiligi» xulosasi asosida mezonga mos keladigan oilalar ham yordam olishi mumkin. Bu oilalarda jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining (MIX) 2 baravaridan oshmaydiganlar qamrab olinadi. Shuningdek, yolg’iz keksalar, nogironligi bo’lgan shaxslar, yetim bolalar ham yordam olishadi.
Qo’shimcha ravishda, boquvchisini yo’qotgan oilalar, I yoki II guruh nogironligi bo’lgan a’zolari bor oilalar, nogironligi bo’lgan bolani parvarishlayotgan oilalar va uzoq muddatli davolanishga muhtoj shaxslar yashovchi oilalar birinchi navbatda ko’rib chiqiladi. Bunday ro’yxatdagi oilalar soni tegishli tuman (shahar) bo’yicha reystrdagi oilalar sonining 50 foizidan oshmasligi lozim.
Isitish uchun ko’rsatiladigan xizmatlar va tariflar
Gazlashmagan va tabiiy gaz yetib borishi qiyin hududlarda, isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy meyori oshiriladi. Markazlashgan isitish tizimiga ulangan ko’p qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun daromad mezoni Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda MIX 2 baravari, Toshkent shahrida esa 3 baravari etib belgilanmoqda. Shuningdek, 2026-yil 1-noyabrdan aholiga ko’rsatiladigan markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari uchun yangi tariflar joriy etilishi kutilmoqda.
Tariflar 2030-yilgacha bosqichma-bosqich joriy etilishi ko’zda tutilgan. Buning uchun xizmat ko’rsatish sifatini oshirish va xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan bir qator choralar ham ishlab chiqilmoqda. Jumladan, issiqlik energiyasi tannarxini bir oy muddatda 15 foizgacha kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.
- Yordam 2026/2027-yilgi isitish mavsumida bir martalik 1 mln so’mdan ajratiladi.
- Yordam mablag’lari 30-noyabrga qadar o’tkaziladi.
- Elektr energiyasining bazaviy meyori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshiriladi.
- Yangi tariflar 2030-yilgacha bosqichma-bosqich joriy etiladi.
- Issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizgacha kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.
Ushbu maqolani kirill alifbosida ham o’qishingiz mumkin.