Elektron pochta: info@xabardor24.uz

Kurs UZS: USD 11 965.51 −46.79 EUR 13 437.27 −29.72 RUB 145.96 +0.63

Tramp Rossiyaga o‘lat gumoni bo‘yicha yordam taklif qildi

Tramp Rossiyaga o‘lat gumoni bo‘yicha yordam taklif qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyada o‘lat gumoni yuzasidan yordam taklif qildi. U 5-oktabr kuni jurnalistlar bilan muloqotda bo‘lib, Irkutsk viloyatidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini ma’lum qildi. Tramp bunday muammolarga duch kelgan har qanday tomonga yordam berishlarini ta’kidladi. Biroq, u Rossiya rasmiylari bilan bu masalada hali muloqot qilmaganini qayd etdi. Yordamning aniq shakli va muddati haqida hech qanday ma’lumot berilmadi.

O‘lat gumoni yuzasidan xabarlar Irkutsk o‘latga qarshi institutida ishlagan 28 yoshli Darya Shipilovaning vafotidan keyin tarqaldi. U sentabr oxirida shifoxonaga yotqizilgan va 2-oktabrda vafot etgan. Rospotrebnadzor unga «kelib chiqish sababi aniqlanmagan pnevmoniya» tashxisi qo‘yganini qayd etdi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, voqeadan keyin qariyb 200 kishi karantinga olingan. Ijtimoiy tarmoqlarda laboratoriyada o‘lat qo‘zg‘atuvchisi saqlangan probirka singani haqida ham taxminlar tarqalgan.

Biroq Rospotrebnadzor institutda patogen mikroorganizmlar bilan ishlash jarayonida avariya holatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, bemordan olingan namunalarda uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar ham topilmagan. Rospotrebnadzorning keyingi bayonotida Irkutsk viloyatida sanitariya-epidemiologik vaziyatning osoyishta ekani, bemor bilan muloqotda bo‘lganlarning 60 foizi ustidan tibbiy kuzatuv yakunlanganini aytildi. Tekshiruvlarda ikki kishida COVID-19 va yana ikki kishida rinovirus infeksiyasi aniqlangan, boshqa infeksiya qo‘zg‘atuvchilari topilmagan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham jurnalistlarni Rospotrebnadzor bayonotlariga tayanishga chaqirgan va hodisa tafsilotlarini muhokama qilmagan. Irkutskdagi voqealar haqidagi xabarlar ortidan Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham ehtiyot choralari ko‘rilmoqda. Qozog‘iston va Qirg‘iziston sanitariya-karantin nazoratini kuchaytirgan. O‘zbekiston esa o‘ta xavfli infeksiyalarning mamlakatga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish uchun tegishli xizmatlar shayligini oshirgan. Sanepidqo‘mita vaziyat rasmiy ma’lumotlar asosida kuzatilayotganini bildirib, aholini tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikka chaqirgan.

Ushbu maqolani kirill alifbosida ham o’qishingiz mumkin.