Elektron pochta: info@xabardor24.uz

Kurs UZS: USD 11 965.51 −46.79 EUR 13 437.27 −29.72 RUB 145.96 +0.63

Tailandda sayyohlar uchun chiqish solig‘i joriy etilishi ko‘rib chiqilmoqda

Tailandda sayyohlar uchun chiqish solig‘i joriy etilishi ko‘rib chiqilmoqda

Tailand Moliya vazirligi mamlakatdan chiqib ketayotgan yoʻlovchilar, jumladan xorijlik sayyohlar uchun yangi chiqish solig‘ini joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. The Nation nashrining xabariga ko‘ra, qonun loyihasiga muvofiq, yangi soliq dastlab 1000 bat miqdorida belgilanadi, bu esa hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 30 AQSH dollariga teng. Keyinchalik, soliq miqdori 5000 batgacha oshirilishi mumkin.
Soliq Tailanddan samolyotda uchib ketayotgan barcha yoʻlovchilardan, xususan xorijlik sayyohlardan undirilishi rejalashtirilgan. Biroq, quruqlik yoki dengiz orqali chiqib ketayotganlar dastlabki bosqichda soliqqa tortilmaydi. Qonun loyihasida ayrim toifadagi shaxslar uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Misol uchun, Tailand qirollik oilasi aʼzolari, mamlakat buddistlar sangxasining oliy patriarxi, xorijiy davlatlar rahbarlari va rasmiy hukumat mehmonlari, shuningdek, 2 yoshga toʻlmagan bolalar soliqdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, maxsus tranzit hududidan chiqmaydigan xalqaro tranzit reyslari yoʻlovchilari, samolyot ekipaji aʼzolari va boshqa transport xodimlaridan ham Tailanddan chiqish soligʻi undirilmaydi. Soliq jismoniy shaxslardan ularning Tailanddan chiqib ketishidan oldin undirilishi ko‘zda tutilmoqda va odatda, bu toʻlov aviachipta sotib olayotganda aviakompaniya yoki chipta sotuvchi agent tomonidan amalga oshiriladi. Soliqni toʻlamagan shaxsga uning miqdoridan ikki baravar koʻp jarima belgilanishi rejalashtirilgan. Hozirda qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda va yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Tailand hukumati, shuningdek, 2026-yil 15-sentabrdan boshlab, dunyoning 93 mamlakati, jumladan Oʻzbekiston fuqarolari uchun amal qilayotgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilishni rejalashtirmoqda.

Ushbu maqolani kirill alifbosida ham o’qishingiz mumkin.