Isroil harbiy obektlar atrofida yashovchi eronliklarni uzoqroq ketishga chaqirdi. Bir necha soat o‘tib Tehronning turli nuqtalarida portlashlar ro‘y berdi. Eron razvedkasi boshlig‘i va Tehron politsiyasi boshlig‘i o‘ldirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi..
Isroil va Eron o‘rtasidagi ommaviy raketa hujumlari almashinuvi uchinchi kun davom etmoqda. Eronning zarbalari yanada halokatli tus ola boshladi va Isroil tinch aholisi orasida katta qurbonlarga olib keldi. Isroil armiyasi esa bombardimon qilish obektlari tarmog‘ini kengaytirmoqda: harbiy va atom infratuzilmasidan tashqari, Eron iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan neft va gaz sanoati korxonalari ham hujumga uchramoqda. Yaqin vaqtlar ichida Isroilning yana bir zarbasi ehtimoli bor – nishon yana harbiy obektlar bo‘lishi mumkin, ammo o‘qqa tutish ko‘lami, aftidan, shunchalik katta bo‘ladiki, Eronning tinch aholisiga ham xavf tahdid soladi. Quyida Yaqin Sharqdagi katta mojaroning uchinchi kuni haqida.
Mojaroning uchinchi kunida Isroil Eron hududi bo‘ylab navbatdagi keng ko‘lamli raketa zarbalarini amalga oshirdi. 14 iyun kuni kechqurun ham islom respublikasining Janubiy Forsdagi yirik gaz koni hujumga uchragan, natijada obektda gaz qazib olish qisman to‘xtatilgandi. 15 iyunga o‘tar kechasi Tehrondagi Shahron neft saqlash ombori, Eron mudofaa vazirligi bosh qarorgohi hamda Mudofaa innovatsiyalari va tadqiqotlari tashkiloti (SPND) hamda boshqa qator binolar zarbalar ostida qoldi. Xalqaro atom energetikasi agentligiga ko‘ra, ulardan biri Isfahondagi uranni qayta ishlash zavodi bo‘lgan: korxonada «to‘rtta muhim bino», jumladan, «uran konversiyasi va yoqilg‘i plastinalari ishlab chiqarish sexi» shikastlangan. Eron nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolik infratuzilmalari ham chetda qolmagan: Tehron shimoli-sharqida raketa zarbasi oqibatida turar joy binosi vayron bo‘lgan. Fars agentligi xarobalar ostida ko‘plab kishilar, jumladan 10 nafar bola halok bo‘lganini xabar qilgan. Isroil mudofaa armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 80 dan ortiq obekt tungi hujumlar nishonlari bo‘lgan. Uch kun mobaynida esa isroillik harbiylar Erondagi 170 dan ortiq nishonga aniq zarba bergan.
Manba: Kun.uz