23

Bugun, 12 iyun kuni Hindistonning Gujarat shtatidagi Ahmadobod shahrida Air India aviakompaniyasiga tegishli Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti halokatga uchradi. Ma’lum bo‘lishicha, samolyot talabalar yotoqxonsiga qulagan. Bu haqda “Free Press Journal” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, bortida 242 kishi bo‘lgan uchoq BJ Medical College’ning shifokorlar uchun mo‘ljallangan yotoqxona binosiga, xususan, talabalar ovqatlanadigan hududga qulab tushgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, halokat vaqtida yotoqxonada ko‘plab MBBS (bakalavr) bosqichidagi tibbiyot talabalari bo‘lgan va ulardan ko‘plari halok bo‘lgan yoki jiddiy tan jarohati olgan bo‘lishi mumkin. Aniqlangan qurbonlar soni hozircha rasmiy tasdiqlanmagan.

Hindiston Tibbiyot Assotsiatsiyalari Federatsiyasi (FAIMA) X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida quyidagicha bayonot berdi:

“Ahmadobodda Air India samolyotining qulagani haqidagi yangilikdan chuqur larzaga keldik. Voqea BJMC talabalar yotoqxonasida ro‘y bergani, ko‘plab MBBS talabalarining jarohatlangani yoki halok bo‘lgani haqidagi xabarlar holatni yanada fojiali qilmoqda. Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz va har qanday yordamga tayyormiz”.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda voqea joyidan qora tutun osmonga ko‘tarilayotgani, samolyot binoga urilib, portlagani aks etgan. Ko‘plab guvohlar samolyotning BJ Medical College binosiga urilganini tasdiqlamoqda.

Halokat sabablari hozircha rasmiy ravishda e’lon qilinmagan, ammo ilgariroq dvigatelga qush urilishi ehtimoli haqida taxminlar aytilgan. Rasmiy tergov davom etmoqda. Shuningdek, mahalliy OAVning xabar berishicha, hodisa oqibatida kamida 110 kishi halok bo‘lgan.

Izoh qoldirish

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mavzuga oid