Ozarbayjonlik xonanda Roza Zergerlining “Istedim” nomli taronasi qisqa fursatda O‘rta Osiyoda xit darajasiga yetdi. Birgina qo‘shig‘i orqali olamshumul mashhurlikka erishgan xonanda14-15-aprel kunlari Toshkentning muhtasham “Xalqlar do‘stligi” saroyida o‘zining ilk yakkaxon konsert dasturini o‘zbek tinglovchilariga jonli ijroda taqdim etyapti. “Daryo” jamoasi konsertdan maxsus reportaj tayyorladi.
Konsert xonandani mashhur qilgan “Istedim” kompozitsiyasi bilan boshlandi. Xit taronadan so‘ng Rozaxonim o‘zbek muxlislari bilan salomlashib, ularni ko‘rishdan mamnunligini aytdi. Ushbu konsert ozarbayjonlik xonandaning O‘zbekistondagi ilk konserti bo‘ldi. Shunga qaramay, sanʼat saroyi o‘zbek va boshqa millatga mansub muxlislar bilan to‘ldi. — Ko‘p davlatlarda konsert berganman, lekin O‘zbekistonda birinchisi bo‘ldi. Konsertdagi har bir gapimni muxlislar diqqat bilan tingladi va shunga yarasha olqishlar ham oldim. Men farroshdan tortib rejissyorgacha bugungi kun uchun minnatdorman. Ertalabdan buyon men bilan bo‘lishdi, dizaynerim Turkiyadan tezkor reys bilan yetib keldi, deydi xonanda konsertdan so‘ng bergan intervyusida.
Roza Zergerli konsertda ikki tilda muloqot qildi. Ozar tili turkiy xalqlar uchun begona emasligi sabab o‘zbek muxlislari uning so‘zlarini yaxshi tushundi.
— Taassurotlarim aʼlo darajada. O‘zbekistondagi ilk yakkaxon konsertim “Xalqlar do‘stligi” saroyida bo‘lib o‘tyapti. Konsertimga tashrif buyurgan har bir insondan minnatdorman.
Konsertga hozirlik ko‘rayotganimizda grim va boshqa tashkiliy masalalar tufayli soat 20:00 da boshlaymiz deyishdi. Konsert boshlanish vaqti 19:00 deb yozilgani bilan bir soat kechroq boshlaymiz, bizda hamma biroz kech qolib keladi, deyishdi (kulib). Lekin soat 19:00 da zal to‘lgandi, tezroq boshlaylik, deyaverdim. Muxlislar men uchun to‘plangani katta baxt. O‘zbekiston mening ikkinchi vatanim. Chunki “Istedim” qo‘shig‘im avval O‘zbekistonda, so‘ng Qozog‘istonda xit bo‘ldi va dunyo top-chartlaridan birinchilikni egalladi”, deydi xonanda intervyu davomida samimiyat bilan.
Konsertga O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Farrux Zokirov ham tashrif buyurdi va sahnada Roza bilan birga kuyladi. Afsonaviy sanʼatkor Zergerli bilan turli madaniy tadbirlarda uchrashgan va ijodiga befarq emasligini aytgan.