Elektron pochta: info@xabardor24.uz

Kurs UZS: USD 11 965.51 −46.79 EUR 13 437.27 −29.72 RUB 145.96 +0.63

8 million dollarlik firibgarlikda bank xodimi ishtirok etgani ma’lum bo’ldi

8 million dollarlik firibgarlikda bank xodimi ishtirok etgani ma'lum bo'ldi

Toshkentda 8 million dollarlik firibgarlik holati yuz berdi. Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo’yicha boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida banklar nomidan firibgarlik qilgan guruh fosh etildi. Ushbu guruhning tarkibida banklardan birining kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Firibgarlik qanday amalga oshirildi

Guruh a’zolari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi besh nafar shaxsdan iborat. Ular Mirobod tumanida noturar binoni ijaraga olib, soxta koll-markaz tashkil etgan. Guruhga rahbarlik qilgan shaxs esa muqaddam sudlangan bo‘lib, 1979-yilda tug‘ilgan. Bu shaxs ijaraga olgan xonadonga noqonuniy GSM-shlyuz qurilmasini o‘rnatgan.

Firibgarlar fuqarolarga banklar nomidan qo‘ng‘iroq qilib, ularning nomiga kredit olishga urinishayotganini aytishgan. Buning natijasida jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirganlar. Shuningdek, ular jabrlanuvchilarning nomiga onlayn kreditlarni ham rasmiylashtirgan.

Jinoiy faoliyat va oqibatlar

Ushbu firibgarlik natijasida jami 8 million AQSH dollari kriptovalyuta ko‘rinishida soxta MCHJ orqali xorijga chiqarilgan va legallashtirilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov davomida ushbu faoliyatga aloqador 10 nafar shaxs aniqlangan. Hozirgi kunda bu jinoyatga aloqador barcha shaxslar ushlangan va tergov jarayoni davom etmoqda.

Xabarda bank nomi, jabrlanuvchilar soni va mablag‘lar qaysi davlatga chiqarilgani ochiqlanmagan. Shu sababli, bu holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar kutilmoqda.

Ushbu maqolani kirill alifbosida ham o’qishingiz mumkin.